JSST shtab-kvartirasi departamenti vakillari bilan muhim masalalar muhokama qilindi

16.10.2024 622

JSST shtab-kvartirasi departamenti vakillari bilan muhim masalalar muhokama qilindi

Xizmat safari bilan Hindistonda boʻlib turgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov, JSST shtab-kvartirasi Tartibga solish va prekvalifikatsiya departamentining Tartibga solish va xavfsizlik boʻlimi boshligʻi Hitti B. Sillo bilan muhim uchrashuv oʻtkazdi.

Unda bir qator dolzarb masalalar, shu jumladan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyatida benchmarking jarayonini qoʻllab-quvvatlash hamda Markaz laboratoriyalarini JSST tomonidan prekvalifikatsiyadan oʻtkazish imkoniyatlari keng muhokama qilindi. Shu bilan birga, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda xalqaro standartlarni joriy etish va oʻzaro tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida Markaz xodimlari uchun dolzarb mavzularda treninglar va seminarlar tashkil etish masalalari ham koʻtarildi. Ushbu seminar va treninglar xodimlarning malakasini oshirish, sohadagi eng soʻnggi yangilik va tajribalarni ulashish maqsadida JSST bilan hamkorlikda oʻtkazilishi rejalashtirilayotganligi taʼkidlandi. Bu esa Markazning xalqaro meʼyorlar asosida faoliyat yuritish salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

JSSTning Markazga texnik yordam koʻrsatish va laboratoriyalarimizni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlash yoʻlida koʻrsatadigan yordami mamlakatimiz farmatsevtika sohasining jadal rivojlanishiga katta hissa qoʻshishi kutilmoqda. Alisher Temirov taʼkidlaganidek, ushbu hamkorlik nafaqat milliy, balki mintaqaviy farmatsevtika xavfsizligi tizimining takomillashtirilishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Yakunda JSST bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, shuningdek, farmakonazorat va farmatsevtika mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini takomillashtirish boʻyicha hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.